eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • TATU da bitiruvchi magistrlarga diplomlar topshirildi
    20.06.2018

    Bugun Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining magistratura yo‘nalishi bitiruvchilariga diplomlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Joriy yil universitetni 10 ta yo‘nalish bo‘yicha dissertatsiyalarni muvaffaqiyatli himoya qilgan 104 nafar magistr tamomlamoqda. Bitiruvchilarni qutlash uchun tadbirga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev tashrif buyurdi.

    "Ishonamanki, orangizdan istiqbolda xalqaro ahamiyatga ega IT-kompaniya rahbarlari, olimlar, "sun’iy ong", robototexnika kabi zamonaviy yo‘nalishlarda yetakchi ekspertlar, va albatta, vazirlik va idoralarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan rahbarlar yetishib chiqadi. Biz sizga ishonamiz! Barchangizga oq yo‘l tilaymiz!" - dedi vazir o‘z chiqishida.

    Magistrlar ham, o‘z navbatida, vazirlik hamda universitet rahbariyatiga, ustozlarga, ota-onalariga buyuk alloma Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi oliygohda ta’lim olishlarida yaratilgan imkoniyatlar, ilmiy-ta’limiy muhit uchun minnatdorchilik bildirdilar. Jumladan, yetuk kadr bo‘lib yetishishda universitetdagi Axborot-resurs markazi, laboratoriyalar hamda yirik jamg‘armaning o‘rni qayd etildi.

    Tantanali diplom topshirish marosimi bitiruvchilarning vazir hamda ustozlar ishtirokidagi fotosessiya jarayoni bilan yakun topdi. Albatta, odatga ko‘ra, magistrlar akademik bosh kiyimlarini samoga otish an’anasini ham esdan chiqarmadilar.

    Manba: Axborot xizmati