Bugungi kunda yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti kabi ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Kompyuter injiniring”, “Dasturiy injiniring”, “Telekommunikatsiya texnologiyalari”, “AKT sohasida iqtisodiyot va menejment”, “Elektron hukumat” va boshqa yo‘nalishlarda yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda. Universitetning Samarqand, Farg‘ona, Nukus, Qarshi va Urganch shaharlarida hududiy filiallari tashkil etilgan. Universitetda “O‘zbektelekom” AK, “ZTE”, “Huawei” va boshqa AKT kompaniyalarining 11 ta o‘quv laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
2014-yilda faoliyatini boshlagan Toshkent shahridagi Inha universiteti yurtimizdagi mehnat bozori uchun kompyuter va dasturiy injiniring yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlamoqda. Universitetda tashkil etilgan Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyalari markazi universitetning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatini oshirish, talabalar ishtirokida ilmiy ishlanmalarning hayotga tatbiq etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, 72 ta aloqa, axborot va kompyuter texnologiyalari yo‘nalishidagi kasb-hunar kollejlarini turli mutaxassisliklar bo‘yicha 26 ming nafar yoshlar bitirib chiqadi. Soha tizimidagi mas’ul korxona-muassasalar tomonidan ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.